ERGASH JUMANBULBUL O`G`LI YODGORLIK MUZEYI

FOYDALI MA`LUMOLAR

QOIDALAR:

Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum. Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum. Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum. Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum. Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum. Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum. Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum. Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum.


SERVIS VA XIZMATLAR

Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum. Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum. Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum. Images of the Services, Facilities and Rules at the Hermitage Museum.

ISH TARTIBI

Muzey 09:00 dan 18:00 gacha tashrifchilarni qabul qiladi. (faqat muzey ilmiy bo’limlari xodimlariga shanba va yakshanba kunlari dam olish hisoblanadi)


PRAYSKURANT

Har oyning birinchi yakshanba kuni barcha davlat muzeylariga kirish BEPUL

18 yoshga to`lmagan bolalar va ularga hamrohlik qiluvchilarga Seshanba va Juma kunlari muzeylarga kirish BEPUL

O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARI UCHUN MDH DAVLATLARI FUQAROLARI VA XORIJIY SAYYOHLAR UCHUN

Muzey nomi

Bir kishiga kirish narxi

Bir kishiga kirish narxi

Bir kishiga kirish narxi

20 fevraldan 20 noyabrgacha
(mavsum davrida)

20 noyabrdan 20 fevralgacha
(mavsum bo`lmagan davr)

x

Kattalar (so`m)

18 yoshgacha bo`lgan bolalar (so`m)

Kattalar (so`m)

18 yoshgacha bo`lgan bolalar (so`m)

Kattalar (so`m)

18 yoshgacha bo`lgan bolalar (so`m)

1

ERGASH JUMANBULBUL O`G`LI YODGORLIK MUZEYI

2.000 1.000 1.000 500 10.000 5.000

MUZEY TARIXI

Bahorning ilk kunida Qo‘shrabot tumani Jo‘shota qishlog‘ida buyuk baxshi-Ergash Jumanbulbul o‘g‘li memorial muzeyi ochilishi tantanalari bo‘lib o‘tdi. Bu keyingi yillarda O‘zbekistonda ushbu san’atga bo‘lgan e’tiborning yaqqol natijasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018-yil 1-noyabrda «Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaror e’lon qilindi. Prezidentimiz tashabbusi bilan Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san’ati festivali bo‘lib o‘tdi. Festivalga dunyoning 74 ta mamlakatdan 160 dan ziyod vakillar tashrif buyurishdi.

Shuningdek 2019 yil 14 mayda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Baxshichilik san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Qarori e’lon qilindi.

Hozirda O‘zbekiston hududida yashab ijod etgan va hozir ham samarali faoliyat olib borayotgan 400 ga yaqin baxshining nomlari ma’lum. Ular faoliyati ham davlatimiz tomonidan yuksak baholanib, «O‘zbekiston xalq baxshisi» unvoni ham beriladi. Boshqa biror mamlakatda bu kabi maqom uchramaydi. Hozirgi vaqtda Bola baxshi Abdullaev va uning o‘g‘illari - Norbek va Etmishboy, Qalandar baxshi Normatov, SHomurot Tog‘aev, Abduqahhor Rahimov, Ziyodulla Islomov, SHoberdы Boltaev, Abdunazar Poyonov, Boborayim Mamatmurodov, Qora baxshi Umirov, Jumaboy jirovlar ham xalq orasida katta hurmat-e’tibor qozongan.

Baxshichilik san’atining tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Ushbu san’at o‘zida biryo‘la dostonchi, shoir, sozanda, xonanda va aktyorlikni mujassam etgan xalq dostonchiligi san’ati bilan bog‘liq. Baxshilardan ulkan so‘z boyligi, jonli xalq tilining istalgan shaklidan mohorat bilan foydalanish, so‘z o‘yinlari va musiqiy bezaklar majmuidan boxabar bo‘lish talab etiladi. Negaki, dostonlar faqat og‘zaki ijro uchun mo‘ljallanmagan. Ularda o‘z musiqiy asoslari bilan farq qiluvchi 5 dan 36 tagacha ohang mavjud. Ohanglar qisqa va takroriy tuzilmaga ega. Ohanglar so‘zlab, kuylash tavsifiga ega. Do‘mbira, dutor yoki qo‘bizda o‘zi chalib ijro etiladigan termalar asosiy musiqiy-she’riy janr hisoblanadi.

Mamlakatimizda o‘ziga xos baxshichilik, dostonchilik maktabi yaratilgan bo‘lib, u ustoz-shogird an’analariga asoslanadi. O‘zbek xalq musiqiy san’atida dostonchilik to‘rt: Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududlariga bo‘linadi. Har bir mintaqaning o‘z baxshi-shoirlari, epik san’at yaratuvchilari va ularni saqlovchilari bor. Ularning ko‘plari repertuaridan 20 tadan 100 tagacha doston ijrosi o‘rin olgan. XX asr dostonchilariga – Po‘lkan shoir (76 doston), Qodir baxshi (72), Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li (60), Ergash Jumanbulbul o‘g‘li (50), Mardonqul Avliyoqul o‘g‘li (43), Bola baxshi Abdullaev (20 tadan oshiq), YUsuf O‘tagan o‘g‘li (31)larni misol keltirish mumkin. Ushbu san’atning yirik vakillaridan biri bu Ergash Jumanbulbul o‘g‘lidir.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li 1868-yil hozirgi Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani Qo‘rg‘on qishlog‘ida dehqon oilasida tavallud topgan. 1937-yilda Qo‘shtamg‘ali qishlog‘ida  vafot etgan. O‘zbek xalq shoiri, dostonchi. Uning etti avlodi, shuningdek, amaki va momolari dostonchi-shoir o‘tgan. bular Yodgor, Lafas, Mulla Tosh, Mulla Xolmurod, Jumanbulbul, Tilla kampir, Sulton kampir, Jossoq, Yorlaqab va boshqalar 17—19-asrlarning taniqli dostonchilari bo‘lganlar. Otasining to‘liq ismi Jumanbulbul Mulla Xolmurod o‘g‘lidir.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ulkan shoir-dostonchi bo‘lib etishuvida oilasi va qishlog‘idagi boy adabiy muhit katta rol o‘ynagan. Dostonchilik ta’limini otasi Jumanbulbuldan olgan.

Jumanbulbul o‘z o‘g‘li Ergashning o‘qish-o‘rganishi, bilim olishiga katta e’tibor bergan. 1884—86-yillarda Buxoro madrasalaridan birida o‘qib, fors tilini o‘rgangan, arab tili bilan tanishgan, husnixat mashq qilgan. Navoiy, Fuzuliy, Hofiz, Bedil, Mashrab, Mahtumquli asarlarini mutolaa etgan. Biroq moddiy qiyinchilik va otasining vafoti (1886) tufayli o‘qishni davom ettira olmagan. Qishlog‘iga qaytib, mustaqil o‘qish, dostonchilikda mahoratini oshirish bilan shug‘ullangan, ma’lum muddat maktab ustozi va qaynotasi O‘tamurod xatibning yordami bilan dehqonlardan kafsan yig‘uvchi sifatida faoliyat yuritgan. 1887—89-yillarda Ergash Jumanbulbul o‘g‘li Buxoro amirligiga qarashli Nurota bekligining amlokdorlaridan biri Qo‘zibekka mirza (kotib) bo‘lib ishlagan.

O‘lkada boshlangan qahatchilik, chigirtka va vabo tarqalishi natijasida shoirning yaxshigina dostonchi bo‘lib etishayotgan ukalari Abduxalil va Abdujalillar, singillari va farzandlari birin-ketin vafot etadi. Bunday g‘am-alam, tashvishda qolgan shoir kuylashni ham tashlab, taxminan 1904—05 yillardan darbadarlikda hayot kechirgan. 1912—22 yillarda Bulung‘ur, G‘allaorol, Urgut tumanlari, Jizzax va Panjakent atrofidagi qishloqlarda tabiblik, qissaxonlik, she’rxonlik qilib yurgan, ba’zan dostonlar kuylagan. 1923 yilda qishlog‘iga qaytgan. 1924 yil Qorakisa qishlog‘ida aholi uchun bir xonali maktab ochgan.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li 1925 yil Samarqandga kelgan. 1926—28 yillarda Bulung‘ur tumani Qirqshodi qishlog‘ida Po‘lkan shoir, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li bilan birgalikda yod bilgan dostonlarini yozdirish va o‘zi yozib qoddirish bilan shug‘ullangan. 1929—36 yillarda Ergash Jumanbulbul o‘g‘li o‘z qishlog‘ida, asosan, dehqonchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan, dostonchilikda shogirdlar etishtirishni davom ettirgan. 1936 yilda Toshkentga kelib, 1937 yil apreligacha folklorshunos H.T. Zarifov uyida yashagan. 1937 yil aprel oxirlarida qishlog‘iga qaytib vafot etgan.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining ijodi, repertuari boy va rang-barang. Shoir «Kuntug‘mish», «Yakka Ahmad», «Alibek bilan Bolibek», «Dalli», «Ravshan», «Qunduz bilan Yulduz», «Xushkeldi», «Xoldorxon», «Qiz Jibek», «Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi», «Hasanxon», «Avazxon», «Avazning Farangga safari», «Nurali», «Xiromon» («Jahongir»), «Alpomish», «YUsuf bilan Ahmad», «Tulumbiy», «Qironxon», «Qumri», «Oshiq G‘arib», «Vomiq bilan Uzro», «Varqa bilan Gulshoh», «Mahtumquli» kabi 30 ga yaqin dostonlarni, juda ko‘p termalarni yod bilgan. Bulardan dastlabki 9 ta doston, «Oysuluv» dostonining mazmuni, ko‘pgina an’anaviy va zamonaviy termalar, o‘zidan avval o‘tgan baxshilar va dostonchilik san’ati haqida ma’lumotlar Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining o‘zidan yozib olingan. Ergash Jumanbulbul o‘g‘li xalq dostonlarining barcha janrlaridan namunalar bilgan. Dostonlarning g‘oyaviyligi, xalqchilligi, badiiy go‘zalligi uchun kurashgan.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘li an’anaviy doston va termalarni kuylab kelish bilan birga o‘zi ham barakali ijod qilgan. Uning «Tarjimai hol» dostoni, «Keldim», «Toshkent ta’rifida», «Qizil», «Tursunoy», «Oxunboboev», «G‘ozi Olim», «Otajon Hoshim», «Shoirlarga rahbar Hodi», «Eshon», «Asov qizlar», «Bir hafta xo‘p bo‘ldi yog‘in» kabi termalari e’tiborga molik asarlar hisoblanib, o‘sha davr adabiy muhiti, xalqning dardi va muammolari aks etgan.

Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining merosi keng ravishda o‘rganilmoqda. Hozirgi vatqgacha Ergash Jumanbul hayoti va ijodi, dostonlari haqida 19 turdagi rus tilidagi adabiyotlar, 68 ta o‘zbek tilidagi adabiyotlar nashr etilgan. Ushbu asarlar orasida X. Zaripov, M. Afzalov, M. Karimova, YO. Jo‘raev, T. Ashurov, V. Abdullaev, O. Sobirov, A. Ishaev, T. Mirzaev, M. Murodov, I. Mo‘minov, N. Narzullaev, O‘. Otamurodov, Raxmutulla shoir YUsuf o‘g‘li, U. Saloxiddinov, A. Samad, O. Sobirov, T. Sobitova, Sh. Xo‘jaev, Sh. Shoabduraxmonov, M. Qo‘shmoqov, S. Haydarov, M. Hakimov, A. Xoliqov kabi o‘zbek adabiyotshunos va tarixchi olimlari asarlari alohida o‘rin tutudi.

Rus adabiyotshunos olimi V. Popondopulo 1959-yilda shoirning 90-yillik yubileyi munosabati bilan o‘zining “Rodniki narodnoy poezii” nomli asarini yozadi. Hozirda ushbu asarlar A. Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada saqlanmoqda.

Sh. Shaabduraxmanov 1949-yilda «Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining “Ravshan” dostoni tilining badiiy jihatlari” nomli nomzodlik ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. Shoir haqida kitoblar nashr etildi, hujjatli film yaratildi. 1972-yil mayda shoir tug‘ilgan kunning 100 yilligi keng nishonlandi. Nurota tumani markazida unga byust o‘rnatildi. Qo‘rg‘on qishlog‘ida maqbarasi, haykali va uy-muzeyi ochildi. Bundan tashqari, Samarqand shahrida Registon maydoni yaqinidagi xiyobonda Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Islom shoir, Po‘lkan shoir va Fozil Yo‘ldosh o‘g‘liga kompleks haykal o‘rnatilgan. Nurota tumanida bog‘, Qo‘shrabot tumanida maktab, Toshkent va Samarqand shahrilarida ko‘chalar shoir nomi bilan atalgan. 

Ergash Jumanbulbulning mana shunday ulug‘ baxshi bo‘lib etishishida azal-azaldan ushbu mintaqada shakllanib kelgan san’atga, adabiyotga oshuftalik ham katta rol o‘ynagan. Ma’lumki, Nurota tog‘ tizmasi bundan 30 ming yillar avval-tosh davridan buyon insoniyat yashab kelayotgan hudud hisoblanadi. Ushbu mintaqada turli davrlarga oid 150 dan ortiq qadimgi shaharcha, qishloq makonlari, mudofaa qo‘rg‘onlari, mozon-qo‘rg‘onlar, g‘or tipidagi qadimgi manzilgohlar aniqlanib, arxeologik yodgorliklar-madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Ularning eng qadimgisi tosh davriga taaluqli bo‘lsa, eng so‘nggisi so‘nggi o‘rta asrlarga taaluqlidir. 

Undan tashqari ushbu mintaqada 200 ga yaqin qoyatosh sur’atlari aniqlanib, ilmiy o‘rganilgan. Ularning eng qadimiylari bundan 6 ming yil oldingi davrga tegishli. Ushbu sur’atlarda ko‘proq tabiiy oxra-ya’ni to‘q qizil va qizil rangli bo‘yoqlarda foydalanilgan.

Tosh davrida ovchi va dasht ko‘chmanchi aholisining asosiy makonlaridan biri bo‘lgan ushbu mintaqa aholisi antik davrga kelib o‘troqlashadi. Masalan, bugungi kunda aniqlangan Bekqo‘rg‘ontepa, Oqqir, Qo‘rg‘ontepa, Yo‘g‘ontepa yodgorliklaridan topilgan antik davrga tegishli arxelogik ashyolar bundan dalolat beradi. SHuningdek, Qo‘shrabot tumani hududi qadimiy So‘g‘dning shimoliy qismini tashkil etib, so‘nggi o‘rta asrlar davriga kelib Buxoro amirligining Nurota bekligi tasarrufida bo‘lgan.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Qo‘shrabot tumani hududida muzeyning tashkil etilishi juda katta perespektiv ahamiyat kasb etib, bundan keyingi madaniy meros ashyolarining bir joyda to‘planishi va o‘rganilishi uchun asosiy baza bo‘lib xizmat qiladi. 

 


  • MUZEYNING NOMLANISHI

    ERGASH JUMANBULBUL O`G`LI YODGORLIK MUZEYI

  • TASHKIL TOPGAN YIL:

    2020

  • ISH TARTIBI:

    Muzey 09:00 dan 18:00 gacha tashrifchilarni qabul qiladi. (faqat muzey ilmiy bo’limlari xodimlariga shanba va yakshanba kunlari dam olish hisoblanadi)

  • MANZILI:

    Samarqand viloyati, Qushrabot tumani Jo’sh ota qishlog’i

  • TELEFON:

    +998 (66) 234 82 15

  • E-MAIL:

    info@samarkandmuseum.uz

  • RAHBARI:

    SHUKUROV BOBOQAND RAUPOVICH

  • XARITADA JOYLASHUVI:

STATISTIKA

1962
Umumiy eksponatlar
136
Etnografiya
2350
Numizmatika
985
Arxeologiya
98
Hujjatlar fondi
918
Boshqa eksponatlar




FOTOGALLEREYA